Yaqin Sharqdagi urush global kompaniyalarga 25 milliard dollar zarar yetkazdi

AQSh–Isroil va Eron o‘rtasida urush boshlanganidan buyon Qo‘shma Shtatlar, Yevropa va Osiyodagi yirik kompaniyalar kamida $25 mlrd zarar ko‘rgan. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tahlilda urush tufayli energiya narxlari keskin oshgani, ta’minot zanjirlari izdan chiqqani hamda Eronning Hormuz bo‘g‘oziga ta’siri sabab muhim savdo yo‘llari cheklangani qayd etilgan.
Kamida 279 ta kompaniya moliyaviy yo‘qotishlarni kamaytirish uchun favqulodda choralar ko‘rgan. Mahsulot narxlarini oshirish, ishlab chiqarishni qisqartirish, xodimlarni vaqtincha ishdan bo‘shatish, yoqilg‘i ustama to‘lovlarini joriy etish va hukumatdan yordam so‘rash shular jumlasidandir.
Tahlilda aytilishicha, mojaro COVID-19 pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin biznes uchun yuzaga kelgan navbatdagi yirik global inqirozga aylangan. Ayrim kompaniyalar yil yakunlari bo‘yicha prognozlarini pasaytirgan.
Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining bloklanishi natijasida neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshgan. Bu urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan 50 foizdan ko‘proq o‘sishni anglatadi.
Shuningdek, bo‘g‘ozdagi vaziyat yuk tashish xarajatlarini oshirib, xomashyo yetkazib berishda uzilishlarga sabab bo‘lgan. O‘g‘itlar, geliy, alyuminiy va polietilen kabi mahsulotlar ta’minotida muammolar kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livanda Isroil hujumi qurbonlari soni 3 mingdan oshgani haqida yozgan edik.