Google Gmail bilan ovozli muloqot qilish funksiyasini qo‘shadi

Google Gmail pochtasi uchun sun’iy intellektga asoslangan yangi Gmail Live funksiyasini taqdim etdi. U foydalanuvchilarga pochta qutisi bilan ovozli buyruqlar orqali ishlash imkonini beradi.
Yangi funksiya Gmail ichidagi ma’lumotlarni qidirishni soddalashtiradi. Endi foydalanuvchi kerakli xat yoki ma’lumotni matn orqali izlamasdan, savolni ovozli tarzda berishi mumkin. Google namoyishida Gmail Live bolaning maktabidagi tadbirlar yoki yaqinlashayotgan safarlar haqida savollarga javob bera olishi ko‘rsatildi. Masalan, foydalanuvchi tadbir sanasi yoki joyini so‘rasa, tizim javobni elektron xatlardan topib beradi.

Gmail Live tabiiy tilni tushunadi va aniqlashtiruvchi savollarga ham javob bera oladi. Bu pochta ichidan ma’lumot topish jarayonini tezroq va qulayroq qiladi. Yangi funksiyaning yana bir muhim jihati shundaki, u javob olingan manbani ham ko‘rsatadi. Bu foydalanuvchiga ma’lumot qaysi xatdan olinganini tekshirish imkonini beradi.
Google Gmail AI Inbox uchun boshqa imkoniyatlarni ham qo‘shadi. Ular orasida jo‘natishga tayyor xat loyihalari va fayllarga tezkor kirish funksiyalari bor. Gmail Live funksiyasi 2026-yil yozida ishga tushiriladi. U dastlab Google AI Pro va Ultra obunachilari uchun mavjud bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Google qidiruv tizimini chat-botga aylantirayotgani haqida yozgan edi.