Markaziy Osiyodagi ilk aerotaksi Qozog‘istonda sinovdan o‘tdi

Qozog‘istonning Alatau City hududida Markaziy Osiyodagi ilk aerotaksi sinovdan o‘tkazildi. Parvoz hozircha uchuvchi va yo‘lovchilarsiz amalga oshirilgan, deya xabar bermoqda mahalliy Time nashri.
Sinovda Xitoyning AutoFlight kompaniyasi ishlab chiqargan Prosperity nomli eVTOL apparati qatnashdi. U vertikal uchish va qo‘nish imkoniga ega elektr havo transporti hisoblanadi. Qurilma yerdan boshqarildi va havoda sinov manyovrlarini bajardi.
Apparat 13 ta elektromotor bilan jihozlangan. U soatiga 200 kilometrgacha tezlikka chiqishi va bir quvvatlanishda 200 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Aerotaksi saloni to‘rt yo‘lovchi va bir uchuvchiga mo‘ljallangan.

Alatau City’da vertiportlar tarmog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Ular aerotaksilar uchishi va qo‘nishi uchun maxsus maydonlar bo‘ladi. Bunday maydonlarni binolar tomida, transport tugunlari va biznes klasterlar hududida joylashtirish mumkin.
Loyiha doirasida Alatau va Almati o‘rtasida havo yo‘nalishlari tashkil etilishi kutilmoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, Almatidagi birinchi vertiport aeroport yaqinida paydo bo‘ladi. Yana bir maydon turizmni rivojlantirish uchun Medeu hududida qurilishi mumkin.
Tashkilotchilarga ko‘ra, aeroportdan Medeugacha aerotaksi orqali 10–12 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Shahar havo mobilligini rivojlantirish uchun umumiy investitsiya hajmi qariyb $300 mln bo‘lishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘iston mintaqada ilk bor sun’iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazishi haqida yozgan edi.