«Arsenal» Angliya chempioni bo‘ldi, Rossiya va Xitoy yetakchilari Pekinda uchrashdi — 20-maydagi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 20-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Instagram / premierleague

Kursiv Uzbekistan 20-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

Rossiya va Xitoy yetakchilari Pekinda uchrashdi. Asosiy muzokaralar boshlandi

Foto: Reuters / Maxim Shemetov / Pool

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Pekinga keldi. Muzokaralar AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga tashrifidan bir necha kun o‘tib tashkil etildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Vladimir Putin va Si Szinpin Xalq Yig‘ilishlari Uyida uchrashuvni boshladi. Kutib olish marosimida 21 marta o‘q uzildi va harbiy orkestr jo‘rligida harbiylar marsh yurib o‘tishdi. Rossiya prezidenti Xitoy rahbari bilan uchrashishdan oldin, rasmiylar bilan salomlashgan.

Foto: Reuters

Muzokaralarda muhim e’tibor Rossiyaning «Sibir qudrati-2» (Power of Siberia 2) tabiiy gaz quvuriga qaratilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, 2,6 ming kilometr uzunlikdagi quvur Yamal yarimorolidan Xitoyga yiliga 50 mlrd kubometr gaz yetkazib beradi. Loyiha hozircha narx borasidagi kelishmovchiliklar sababli to‘xtab qolgan.

2026-yilda 3,3 million dollarlik muzqaymoq import qilindi

Foto: Pexels.com

2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 8 ta xorijiy davlatdan qiymati $3,3 mlnga teng bo‘lgan muzqaymoq mahsulotlari olib kelindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. 2026-yilning birinchi choragida mamlakatimizga muzqaymoq import qilish ko‘rsatkichi 2025-yilning mos davriga nisbatan keskin oshdi. Xususan, bu hajm qariyb $1,9 mlnga ko‘paygan bo‘lib, ichki bozorda xorijiy shirinliklarga bo‘lgan talab ortgan.

Xatirchida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi

Xatirchida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi
Foto: viloyat IIB videosidan ekran tasviri

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan shaxs oson boylik orttirish maqsadida bir guruh yoshlarni atrofiga to‘plagan. Guruh tarkibida 1988, 1992, 1998, 2006 va 2007-yillarda tug‘ilgan shaxslar bo‘lgan. Ular orasida uyushmagan va jinoyat sodir etishga moyil yoshlar borligi aytilmoqda.

Mazkur guruh Xatirchi tumanidagi Oltinsoy tog‘ tizmalarida ruxsatsiz kon qazish ishlari bilan shug‘ullangan. Ular hech qanday ruxsatnomasiz, qo‘lbola usulda qazish ishlarini olib borgan. Bu esa ularning o‘z hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan.

«Arsenal» 22 yildan so‘ng yana APL chempioniga aylandi

Foto: Instagram / premierleague

Londoning «Arsenal» klubi 22 yillik tanaffusdan so‘ng Angliya Premyer-ligasi g‘olibiga aylandi. «Manchester Siti»ning durang natijasidan so‘ng, «Arsenal» o‘zining 14-chempionlik unvonini kafolatladi.

Foto: Instagram / premierleague

20-mayga o‘tar kechasi «Manchester Siti» va «Bornmut» o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlanganidan so‘ng, «Arsenal» o‘zining uzoq kutilgan g‘alabasini nishonladi. «Arsenal» so‘nggi marta 2003-2004-yilgi mavsumda Arsen Venger qo‘l ostida mag‘lubiyatsiz chempion bo‘lgan edi. Shuningdek, bu jamoaning 2020-yilgi Angliya Kubogidagi g‘alabasidan keyingi birinchi yirik yutug‘idir.

Ayni paytda jamoa «Siti»dan 4 ochko oldinda bormoqda va yakshanba kungi «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin faqat bayramona tus oladi. «Siti»ning «Bornmut» bilan o‘yinida Junior Krupi birinchi bo‘limda hisobni ochgan bo‘lsa, Erling Holandning so‘nggi daqiqalardagi goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi.

Ipoteka krediti to‘laydiganlarga soliq imtiyozi avtomatik qaytariladi

Ipoteka kreditlari
Foto: Forbes

2027-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llash proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq, vakolatli organlar taqdim etgan ma’lumotlar asosida hisoblanadi va soliq to‘lovchining hisobot topshirish majburiyati bekor qilinadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab, avvalgi yilning 1-iyul holatiga ko‘ra so‘nggi 12 oy davomida to‘langan soliqlar, yig‘imlar, davlat boji va soliq bo‘lmagan to‘lovlar hajmi BHMning 500 ming baravaridan ortiq bo‘lgan korxonalar hamda tijorat banklari «o‘ta yirik soliq to‘lovchilar» deb e’tirof etiladi.

Osiyo Kubogi U-17. Amaldagi chempion turnirni tark etdi

Foto: O‘FA

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining yarim finalida musobaqaning amaldagi g‘olibi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Yaponiya vakillariga qarshi maydonga tushdi.

Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Futbol lotereyasida omad yaponiyaliklarga kulib boqdi va ular final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Bahsning birinchi bo‘limi to‘liq o‘zbekistonliklar nazorati ostida o‘tdi. 25-daqiqada tashkil etilgan ketma-ket hujumlar o‘z samarasini berdi. Ahror Ravshanbekov jarima maydonchasi ichida raqiblarini birin-ketin aldab o‘tayotgan vaziyatda qo‘pollik bilan to‘xtatildi. Bosh hakam tomonidan belgilangan penaltini Asilbek Aliyev aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.

Toshkent metrosida yo‘lkira masofaga qarab hisoblash tizimi joriy etiladi

Toshkent metrosida yo‘lkira masofaga qarab hisoblanadi
Foto: Pexels

Toshkent metrosida 2027-yildan yo‘lkirani bosib o‘tilgan masofa yoki bekatlar soniga qarab to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, yo‘lovchilar uchun kunlik, haftalik va oylik abonementlar hamda ayrim toifalar uchun imtiyozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimi ishlab chiqiladi. Unda yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi.

Yangi tartibni 2027-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Toshkent metropoliteni» hamda Toshkent shahar hokimligiga xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqish topshirildi. Takliflar olti oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Ularda aholining ayrim toifalari uchun alohida imtiyozlar, shuningdek, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimi nazarda tutiladi.

Qarorda metro infratuzilmasi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha boshqa choralar ham belgilangan. Xususan, 2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylarida hamda bekatdan-bekatga o‘tish yo‘laklarida vending apparatlari va kichik ko‘chma savdo obyektlari joylashtiriladi.

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola qurbonlari soni 131 kishiga yetdi

Foto: Daily Maverick

Afrikada joylashgan Kongo Demokratik Respublikasining sharqida Ebola virusidan yana 26 ta o‘lim holati qayd etildi. Qurbonlarning umumiy soni 131 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Bu virusning kam uchraydigan Bundibugyo shtammi bo‘lib, Kongoda 543 ta ehtimoliy va 33 ta tasdiqlangan, qo‘shni Ugandada esa 2 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola infeksiyalangan odamlar yoki hayvonlarning tana suyuqliklari orqali tarqaladi va o‘lim darajasi o‘rtacha 50 foizni tashkil qiladi.

Kasallik aholi zich joylashgan, qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarda haftalar davomida e’tibordan chetda qolgani mutaxassislarni xavotirga solmoqda. Butembo shahrida ham dastlabki ikkita kasallik holati tasdiqlangan. Kongodan Ruandaga o‘tishga uringanlar ham Goma va Bukavu shaharlarida to‘xtatilmoqda. Biroq JSST chegaralarni yopmaslikka chaqirmoqda, chunki bu nazoratsiz, norasmiy o‘tishlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek