O‘zbektelekom’ga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida fuqaroni O‘zbektelekom’ga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, pul mablag‘i undirgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Taxiatosh tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda muqaddam sudlangan fuqaroning ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlangan.
U 20 mln so‘m evaziga boshqa fuqaroga mansabdor tanishlari orqali O‘zbektelekom aksiyadorlik kompaniyasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Tezkor tadbir davomida u kelishilgan pul mablag‘laridan 15 mln so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 63 nafar fuqaroni chuv tushirganlar ushlangan edi.