UzNIF IPO’sidan jalb qilingan mablag‘ 692 mln dollarga yetdi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPO doirasidagi qo‘shimcha joylashtirish – greenshoe opsiyasini to‘liq ishga tushirdi.
Ma’lum qilinishicha, Jefferies International Limited 3,5 mln dona GDR sotib olgan. Har bir GDR narxi $25 etib belgilandi. Umumiy bitim qiymati qariyb $87,9 mlnni tashkil qildi. Shu bilan UzNIF IPO’sidan tushgan $692 mlnga yetdi.
Qo‘shimcha opsiya O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan. Hisob-kitoblar 22-may kuni yakunlanadi.
Asosiy IPO hajmi 23,4 mln dona GDRdan iborat bo‘lgan. Har bir GDR emitentning 64,7 ming oddiy aksiyasiga teng hisoblanadi.
Shuningdek, stabilizatsiya menejeri bo‘lgan Jefferies International Limited 13-maydan 20-maygacha davom etgan stabilizatsiya davrida bozorda qo‘shimcha stabilizatsiya savdolari o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
Savdolar London fond birjasining asosiy bozorida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzNIF IPO’sidan tushgan mablag‘lar qayerga sarflanishi haqida ma’lumot berilgandi. Taqsimlashda korxonalarning investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kredit majburiyatlarini bajarish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish ehtiyojlari uchun inobatga olinadi. Bu haqda 20-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi.