Reteyl deyarli 72 foizni oldi: Marius Dan UzNIF’ning lokal IPO’siga institutsional investorlar qiziqishi nega past bo‘lganini tushuntirdi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Franklin Templeton pensiya jamg‘armasining mahalliy bozorga kirib kelishini kutmoqda
Riteyl deyarli 72 foizni oldi: Marius Dan UzNIF’ning lokal IPO‘siga institutsional investorlar qiziqishi nega past bo‘lganini tushuntirdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi, ya’ni UzNIF’ning 214,6 mlrd so‘mlik, qariyb $17,7 mlnlik lokal IPO taklifining asosiy qismini chakana investorlar sotib oldi. Ularning ulushi 71,6 foizni tashkil etdi. Institutsional investorlar hissasiga esa ushbu hajmning atigi 28,4 foizi to‘g‘ri keldi. Yirik o‘yinchilarning ichki bozordagi ulushi nima sababdan nisbatan past bo‘lgani haqida Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan 20-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, yirik bitimda 150 dan ortiq institutsional investor ishtirok etgan. Biroq ularning kapitalining katta qismi hozircha xalqaro yo‘nalishda jamlangan. Ikki tomonlama listing, ya’ni London va Toshkentda bir vaqtning o‘zida joylashtirish strategiyasini izohlar ekan, Marius Dan shunday dedi:

«Ikki tomonlama listing haqiqatan ham birinchi bitimga institutsional investorlarni jalb qilish uchun magnit vazifasini bajarishi kerak. Ammo keyingi maqsad ularni bu yerga olib kelish, mahalliy fond birjasida hisobvaraqlar ochishiga erishish va kelgusidagi takliflarda xalqaro komponent orqali emas, balki Toshkent orqali yanada faol ishtirok etishiga zamin yaratishdan iborat», deya qayd etdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Templeton Global Investments shunga o‘xshash jarayonlarni boshqa ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda ham kuzatgan. Top-menejer fikricha, vaqt o‘tishi bilan likvidlik bosqichma-bosqich Londondan Toshkentga o‘ta boshlaydi. Biroq buning uchun bozorga biroz vaqt berish kerak.

Spikerning ishonch bildirishicha, bu jarayonni boshlash uchun fond portfelidagi yana bir nechta joylashtirishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish kerak. Shuningdek, O‘zbekiston xususiy sektoridagi kompaniyalarning birjaga chiqishini ham kutish lozim. Marius Dan buni bosqichma-bosqich rivojlanish deb ta’rifladi.

«Bu rivojlanishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos ijobiy spiral. Bizning fikrimizcha, u aynan UzNIF’ning muvaffaqiyatli listingidan boshlanadi», deya ta’kidladi u.

Templeton Global Investments’ning mintaqaviy bo‘linmasi rahbari fond IPO‘sining o‘zi ham mamlakatga kapital jalb qilish uchun kuchli turtki ekanini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, u tartibga solish sohasidagi o‘zgarishlardan katta umid qilmoqda. Uning fikricha, islohotlar va kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun tufayli O‘zbekistonda ichki institutsional investorlarning o‘z sinfi rivojlana boshlaydi.

«Albatta, barcha tartibga soluvchi o‘zgarishlar, shuningdek, kapital bozorlari to‘g‘risidagi yangi qonun tufayli mahalliy institutsional investorlar soni ko‘payishi kerak. Kelajakda biz pensiya jamg‘armasining ham O‘zbekiston bozorida faol ishtirok etishini ko‘rishdan juda manfaatdor bo‘lardik», deya qayd etdi Marius Dan.

Chakana sektor masalasida esa kampaniya, aksincha, qat’iy kommunikatsion cheklovlarga qaramay, kutilganidan ham yaxshi natija berdi. Spikerning tushuntirishicha, IPO qoidalariga ko‘ra, investorlar bilan faqat arizalar kitobi ochilganidan keyingi davrda, ya’ni ikki haftalik muddat ichida muloqot qilish mumkin bo‘lgan. Shunga qaramay, tashkilotchilar ikkita asosiy rag‘batlantirish vositasidan foydalangan. Ular aholi uchun 5 foizlik chegirma va brokerlar orqali targ‘ibotni o‘z ichiga olgan.

«Local Offering – Overview» slaydidagi ma’lumotlar ushbu chakana qiziqishni yaqqol ko‘rsatadi. IPO’da jami 4 932 nafar chakana investor ishtirok etgan. Bunda asosiy oqim raqamli kanallar orqali shakllangan. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan orderlarni qabul qilgan Jett chakana ilovasi orqali 4 751 nafar investor kirgan.

Kursiv Uzbekistan nashri UzNIF IPO’sidan jalb qilingan mablag‘ 692 mln dollarga yetgani haqida yozgan edi.

Shuningdek