Prezident YXHT bosh kotibi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) bosh kotibi Feridun Sinirlioğluni qabul qildi. Uchrashuvda iqtisodiy, ekologik, siyosiy va gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YXHT o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot yuksak darajaga chiqqani, hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistonga muntazam tashriflar amalga oshirayotgani, shuningdek, YXHT DIIHB missiyalari mamlakatda saylov jarayonlarini monitoring qilishda ishtirok etayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish hamda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning natijalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish, SIni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va «yashil» kun tartibini ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha yangi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish hamda O‘zbekistonda va YXHT doirasida qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida Ozarbayjon va Serbiya davlat yetakchilari hamda BMT-Habitat ijrochi direktori bilan uchrashgan edi.