Qozog‘istonda aerotaksi narxi qancha bo‘ladi

Qozog‘istonda aerotaksi parvozlari uchun dastlabki narxlar ma’lum qilindi. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayevga ko‘ra, Olmaotada uzoq masofaga parvoz bir kishi uchun taxminan 7 ming tenge ($15) bo‘lishi mumkin.
Uning aytishicha, hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, aerotaksi narxi bir kilometr uchun taxminan $1 atrofida bo‘ladi. Masalan, 15 km masofa uchun yo‘lovchi $15 to‘lashi mumkin. Bozumbayev aerotaksi, ayniqsa, Olmaota aeroportidan shaharga borishda qulay bo‘lishini ta’kidladi. Hozir aeroportdan shaharga avtomobilda yo‘l tirbandlik sabab bir yarim yoki ikki soat vaqt olishi mumkin.
Yangi transport turi uchun oldindan bron qilish imkoniyati bo‘ladi. Bitta aerotaksi besh nafardan to‘qqiz nafargacha yo‘lovchini tashishi mumkin.
Alatau City Authority davlat fondi rahbari Alisher Abdiqodirovga ko‘ra, eng talab yuqori bo‘ladigan yo‘nalishlardan biri aeroportdan shahar markazigacha bo‘ladi. Shuningdek, aerotaksi Olmaotaning tog‘ klasteriga boruvchi sayyohlar va Qonayev shahriga yo‘l oluvchilar orasida ham ommalashishi mumkin.
Aerotaksilar uchun vertiportlar transportga qulay nuqtalarda quriladi. Abdikadirov narxlar hozirgi premium taksi xizmatlari darajasiga yaqin bo‘lishini aytdi. Uning fikricha, aerotaksining asosiy ustunligi tirbandliksiz to‘g‘ridan to‘g‘ri manzilga yetib borish imkoniyatidir. Bosh vazir o‘rinbosari yangi transportning harakatlanish va ishlash qoidalarini Alatau, Olmaota va Olmaota viloyati hokimliklari ishlab chiqishi mumkinligini bildirdi.
Avvalroq Alatau, Olmaota aeroporti va Qonayev o‘rtasida yo‘lovchi hamda yuk tashishga mo‘ljallangan aerotaksilar 2027-yildayoq ishga tushirilishi mumkinligi xabar qilingan edi.