100 nafar «Prezident hojilari» Makkaga yetib bordi

«Haj – 2026» mavsumi doirasida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning so‘nggi guruhlari Makkai mukarramaga yetib bordi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Ular Madinadagi ziyoratlarini yakunlab, Makka shahriga kelgan. Ziyoratchilar safida 100 nafar «Prezident hojilari» ham bor.

Bo‘lajak hojilarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va elchixona vakillari kutib oldi.

Ziyoratchilar Al-Ayam Elite mehmonxonasiga joylashtirildi. Ularga zamzam suvi, xurmo, shirinliklar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Dam olgach tamattu hajini niyat qilgan ziyoratchilar umra amallarini ado etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Haj ziyoratchilarini Qurbon hayiti bilan tabriklagandi. So‘nggi yillarda har yili 15 ming nafardan ortiq fuqarolar Haj safariga yuborilmoqda. Bu yil esa ilk bor mehnat faxriylari, mahalla faollari, nuroniylar, kam ta’minlangan oilalar vakillari va ularning oila a’zolaridan iborat 100 nafar yurtdosh davlat hisobidan Haj safariga jo‘natildi.