Termizda sobiq mansabdor 217 ta daraxtning kesilishida aybdor deb topildi

Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq ish qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i va MChJ rahbari daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha kelishuv tuzgan. Biroq daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan. Shunga qaramay, hududda jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.

Natijada tabiatga 2,7 mlrd so‘mga yaqin zarar yetkazilgan. Sud sobiq mansabdor shaxsni aybdor deb topdi. Unga ish haqining 20 foizi davlat foydasiga ushlab qolinadigan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Dastlabki qamoq muddati inobatga olinib, yakuniy jazo 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlarda tartibni saqlash hamda yashil maydonlarni muhofaza qilish bo‘yicha qator cheklovlar joriy etilgandi.
Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer uchastkalarida daraxt va butalarni tegishli ruxsatnomasiz ko‘chirib ekish yoki kesish qat’iyan taqiqlanadi. Bu talab yashil hududlarni asrash va ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan.