Shavkat Mirziyoyev BAA delegatsiyasi bilan nimalarni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda davlat boshqaruvi, sun’iy intellekt, yoshlar siyosati va kitobxonlik yo‘nalishlaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Uchrashuv avvalida vazir davlat rahbariga BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat bosh vaziri, vitse-prezidenti va Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va bu sohadagi islohotlar natijadorligini ta’minlashga qaratildi.

Tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanayotganini qayd etdi. Ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Ayni paytda davlat xizmati mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda. Hujjat 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Shuningdek, BAAning byurokratiyani qisqartirish borasidagi tajribasi O‘zbekistonda joriy etilmoqda. Tegishli dastur doirasida loyiha ofisi ham ishga tushirilgan. Uchrashuvda «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» ta’lim dasturi natijalari ham e’tirof etildi. Hozirga qadar ushbu dastur qamrovi bir million kishidan oshgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Mirziyoyev davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish muhimligini ta’kidlagani haqida yozgan edi.