Toshkentda tutash hududlar uchun ijara shartnomalari berish boshlandi

Toshkentda tutash hududlardan foydalanish bo‘yicha ijara shartnomalarini rasmiylashtirish boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Yangi tizim tadbirkorlarga faoliyatini qonuniy va shaffof tarzda yuritish imkonini bermoqda. Avval ayrim tadbirkorlar hujjatsiz ishlagani sabab doimiy xavotir bilan faoliyat olib borgan.
Tadbirkorlarning aytishicha, endi tutash hududlar uchun ijara shartnomasi qisqa muddatda rasmiylashtirilmoqda. Ayrim hollarda hujjatlar bir kun ichida tayyor bo‘lmoqda.
Yangi tartib orqali biznes egalari faoliyatini kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratmoqda. Ularning fikricha, rasmiy shartnoma mijozlar sonining oshishiga ham yordam bermoqda.
Shuningdek, tadbirkorlar avval norasmiy ishlagani sabab katta mablag‘ tikishga qo‘rqishganini, endi esa yangi uskunalar xarid qilayotganini aytmoqda.
Tizimning yana bir afzalligi sifatida avtomobillar va mijozlar uchun joy masalasi tartibga tushayotgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va unga tutash hududlarda 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, bu tashabbus hududda havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlanmoqda.