Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti bartaraf etildi — FVV

Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti tufayli avtomobillar harakati vaqtincha cheklangan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bartaraf etilganini ma’lum qildi.
22-may kuni soat 13:30 atrofida A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilfi. Natijada tog‘dan loy va tosh aralash sel suvlari tushib, qatnov yo‘lini qoplab oldi.
Mazkur holat sabab avtomobil yo‘lining «Vodiy–Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtab qoldi. FVV tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib bordi va avtomobillar harakati qayta tiklandi.
Eslatib o‘tamiz, 21–22-may kunlari Surxondaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tog‘li hududlardagi soylardan ham sel suvlari oqib o‘tgan edi.