Bitkoin bosim ostida: investorlar 600 mln dollar zarar ko‘rdi

Bitkoin narxi mahalliy maksimumdan qariyb 7 foizga tushib, $76 ming atrofida savdolanmoqda. Bu haqda Cointelegraph xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, yirik investorlar bitkoin jamg‘arishdan sotishga o‘tmoqda. Natijada bozorda bosim kuchaygan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yirik hamyon egalari avval yangi chiqarilgan bitkoinlarning 150 foizidan ortig‘ini sotib olayotgan edi. Biroq aprel o‘rtalaridan buyon bu ko‘rsatkich keskin pasaygan.
Shuningdek, spot bitkoin ETF fondlaridan ham katta mablag‘ chiqib ketayotgani kuzatilmoqda. Bu esa yirik investorlarning uzoq muddatli ishonchi pasayganini ko‘rsatmoqda.
Glassnode ma’lumotiga ko‘ra, deyarli barcha investor guruhlari bitkoin sotishni boshlagan yoki yangi xaridlarni kamaytirgan. CryptoQuant tahlilchisi Woominkyu’ning aytishicha, bitkoin $82 minggacha ko‘tarilgan paytda kitlar 8 mingdan ortiq BTCni birjalarga yuborgan.
Bu odatda yirik investorlar foydani qayd etayotganining belgisi sifatida baholanadi. Bitkoin narxining tushishi investorlarning katta zarar ko‘rishiga ham olib kelgan. Oxirgi pasayish vaqtida umumiy realizatsiya qilingan zarar $616 mlnni tashkil etdi.
Shundan $513 mln uzoq muddat bitkoin ushlab turgan investorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan qismi esa qisqa muddatli investorlar zarari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston banklari endi kriptovalyuta sotishi mumkinligi xabar qilingandi. Tegishli qonun loyihasiga ko‘ra, banklar, nobank moliyaviy tashkilotlar va Milliy bank nazoratidagi boshqa kompaniyalarga kriptovalyutani sotib olish, sotish va ayirboshlash xizmatlarini rasmiy ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkin.