Buxoroda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari pora bilan ushlandi

Buxoro viloyatidagi tumanlardan birining sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari pora olishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, 1 mlrd 2 mln so‘mlik tibbiy buyumlar xarid qilingan.
Shartnoma summasining 30 foizi dastlab MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Biroq sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri qolgan 70 foiz mablag‘ni ko‘chirib berish uchun noqonuniy talab qo‘ygani aytilmoqda.
U shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotlar umumiy qiymatining 15 foizini talab qilgan. Bu 150 mln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, u kelgusidagi xaridlarni ham ushbu MCHJ orqali amalga oshirishni va’da qilgani bildirildi.
DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda mansabdor shaxs so‘ralgan mablag‘ hisobidan $11,8 mingni turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida ushlangan.
Tekshiruv davomida yana bir holat aniqlangan. Unga ko‘ra, tumandagi oilaviy poliklinikalar xodimlari uchun 448 mln so‘m rag‘batlantirish mablag‘lari ajratilgan. Mansabdor ushbu pulning yarmini qaytarish shartini qo‘ygani aytilmoqda. Natijada 92 mln so‘m mablag‘ qayta yig‘ib olingani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari hamda 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan gumonlanmoqda. MCHJ vakiliga nisbatan esa 211-moddaning 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi ochilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda noqonuniy yer savdosiga aralashgan mansabdorlar ushlangani haqida yozgan edi.