Pokistonda xudkushlik hujumi sababli kamida 23 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Kvetta shahridagi portlash oqibatida yana 71 kishi yaralandi
Foto: Banaras Khan / AFP / Getty Images

Pokistonning janubi-g‘arbiy qismidagi Kvetta shahrida poyezd o‘tayotgan vaqtda temir yo‘l stansiyasi yaqinida xudkushlik portlashi yuz berdi, oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi va 71 kishi jarohatlandi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Pokiston markaziy hukumatidan mustaqillik talab qiluvchi «Balujiston ozodlik armiyasi» (BLA) jangarilik tashkiloti hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, portlash xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgan.

Favqulodda xizmat xodimi Muhammad Zeeshanning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida qutqaruv va evakuatsiya ishlari davom etmoqda. Xavfsizlik kuchlari va portlovchi moddalarni zararsizlantirish guruhlari portlash sabablarini o‘rganayotgan vaqtda hudud o‘rab olingan.

Qutqaruv xizmati xodimlarining ma’lum qilishicha, voqea joyidan kamida 23 ta jasad topilgan, 71 nafar yarador yo‘lovchi kasalxonalarga yetkazilgan. Kvetta kasalxonalarida favqulodda holat e’lon qilingan.

Balujiston viloyatida azaldan ayirmachi guruhlar tomonidan tartibsizliklar yuz berib keladi. Fevral oyida ham BLA hududdagi xudkushlik va qurolli hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan bo‘lib, o‘shanda Pokiston harbiylari 33 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston poytaxtidagi masjidda portlash sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek