Erdo‘g‘on Bilgi universitetini yopish qarorini bekor qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi Bilgi universitetini yopish haqidagi farmonni bekor qildi. Bu haqda DW mahalliy nashrlarga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Erdo‘g‘on 21-may kuni universitet faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha farmon imzolagan edi. Qaror o‘quv yili yakunlanishiga va bitiruv imtihonlariga bir oy qolganida qabul qilingani talabalar noroziligiga sabab bo‘ldi.
Rasmiy izohga ko‘ra, universitet faoliyatini tugatish Oliy ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 11-moddasi bilan asoslangan. Bu modda oliy ta’lim tizimidagi muassasalar faoliyatini tartibga soladi. Ayrim OAV esa ushbu qoida ta’lim sifati yetarli emas deb topilgan xususiy universitetlarni yopishga ham imkon berishini yozgan.
Voqealar xronologiyasi

Dastlab Bilgi universiteti talabalari davlatga qarashli Mimar Sinan nomidagi nafis san’atlar universitetiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, prezident farmonida Bilgi universitetining ta’sischi fondi tashqi boshqaruvga o‘tkazilgani ham qayd etilgan.
Qaror e’lon qilingach, talabalar va ayrim o‘qituvchilar norozilik namoyishlarini boshladi. 24-may kuni universitet kampusida mingga yaqin kishi qatnashgan miting bo‘lib o‘tdi. O‘nlab talabalar universitet binosini egalladi. Keyinroq ularni politsiya binodan olib chiqqan.
BBC turk xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Bilgi universitetini yopish qarori Can Xolding atrofidagi tergov bilan bog‘liq bo‘lgan. Xoldingga nisbatan 2025-yil sentabrdan beri firibgarlik va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Can Xolding 120 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. Guruh tarkibida yirik telekanallar ham bor. Xolding 2019-yildan beri Bilgi universitetiga homiylik qilib kelgan. Hozir Can Xoldingga tegishli kompaniyalar davlat nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Erdo‘g‘on Qatardagi sammitda Islom dunyosini Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgani haqida yozgan edi.