O‘zbekiston BAA bilan «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturini boshlaydi

O‘zbekistonda BAA bilan hamkorlikda «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi amalga oshiriladi. Dastur orqali ijro hokimiyati organlari faoliyati har ikki yilda baholab boriladi.
Yangi qabul qilingan prezident Farmoyishiga ko‘ra, Dastur davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratiladi. Unda boshqaruv sifati, natijadorlik va xizmat ko‘rsatish darajasi muhim mezon bo‘lishi kutilmoqda. Farmoyishga asosan, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi dastur uchun mas’ul organlar etib belgilandi. 2026-yildan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash tizimi joriy qilinadi.
Baholash har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Unda vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar faoliyati ko‘rib chiqiladi. Baholash «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi asosida amalga oshiriladi. Dasturda qaysi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etishi alohida tasdiqlanadi.
Shuningdek, mukofot nominatsiyalari ro‘yxati ham belgilanadi. Ushbu ro‘yxatlarni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani haqida yozgan edi.