Kongo terma jamoasi karantin talablarni bajardi — FIFA

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va DR Kongo futbol federatsiyasi (FECOFA) mamlakat terma jamoasi Ebola virusi tarqalishi fonida barcha sanitar qoidalarga rioya qilganini hamda jahon chempionati uchun AQShga muammosiz bora olishini tasdiqladi.
FECOFA ma’lumotlariga ko‘ra, jahon chempionatiga tanlangan futbolchilar va murabbiylar shtabining asosiy qismi Yevropada yashaydi va faoliyat yuritadi. Kinshasadan Belgiyadagi yig‘inga jo‘nab ketgan texnik xodimlar esa AQShga borishdan oldin u yerda kamida 21 kun davomida bo‘lishadi.

Shu sababli futbolchilarning kasallik yuqtirib olish xavfi yo‘q deb topilgan. Tashkilot jahon chempionati uchrashuvlari uchun chipta xarid qilgan, biroq viza ololmagan muxlislar masalasini ham muhokama qildi. FIFA ushbu kongolik muxlislarga chipta pullarini qaytarib berish bo‘yicha taklifni o‘rganib chiqish majburiyatini oldi.
DR Kongo terma jamoasi jahon chempionatining «K» guruhida Portugaliya, O‘zbekiston va Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston va DR Kongo o‘rtasidagi guruh bosqichi uchrashuvi 27-iyun kuni Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kongoda Ebola virusining 101 ta tasdiqlangan holati aniqlangani haqida xabar bergan edi.