Prezidentning maktab o‘quvchilariga tabrigi, ilk mag‘lubiyatga uchragan Shahram G‘iyosov — 25-may kuni e’lon qilingan yangiliklar

Prezidentning maktab o‘quvchilariga tabrigi, ilk mag‘lubiyatga uchragan Shahram G‘iyosov — 25-may kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Shahram G‘iyosov professional boksdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi

O‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov yarim o‘rta vazn toifasida WBA chempionlik unvoniga da’vogar bo‘lish uchun o‘tkazilgan jangda britaniyalik Jek Ketterollga imkoniyatni boy berib, professional ringdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi.
Jang Shahram G‘iyosov uchun kutilmaganda murakkab boshlandi. Birinchi raunddayoq o‘zbekistonlik bokschi Kerrollning aniq zarbasidan so‘ng nokdaun holatiga tushib qoldi. Shundan so‘ng britaniyalik bokschi uchrashuv tempini to‘liq nazoratga oldi. Kerroll ko‘proq birinchi raqam bo‘lib harakat qildi va barqaror ochko to‘plab bordi.
O‘zbekiston BAA bilan «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturini boshlaydi

O‘zbekistonda BAA bilan hamkorlikda «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi amalga oshiriladi. Dastur orqali ijro hokimiyati organlari faoliyati har ikki yilda baholab boriladi.
Yangi qabul qilingan prezident Farmoyishiga ko‘ra, Dastur davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratiladi. Unda boshqaruv sifati, natijadorlik va xizmat ko‘rsatish darajasi muhim mezon bo‘lishi kutilmoqda. Farmoyishga asosan, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi dastur uchun mas’ul organlar etib belgilandi. 2026-yildan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash tizimi joriy qilinadi.
Ish haqi 27-maygacha to‘lab berilishi kerak

Qurbon hayiti munosabati bilan barcha 27-maydan 1-iyunga qadar dam oladi. Shu sababli ish haqi 27-maygacha to‘lab berilishi kerak.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haqi to‘lanadigan sana dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, pul oldindan berilishi shart.
O‘zbekistonda 100 ta uy xo‘jaligiga 76 ta kompyuter to‘g‘ri kelmoqda

O‘zbekistonda 2025-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 76 ta shaxsiy kompyuter to‘g‘ri kelgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlar uy xo‘jaliklari bo‘yicha tanlanma kuzatuvlar asosida shakllantirilgan. So‘nggi 15 yil ichida aholining kompyuter bilan ta’minlanganlik darajasi sezilarli oshgan. 2010-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 12 ta kompyuter to‘g‘ri kelgan.
Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktabni 1,1 mln o‘quvchi bitirmoqda

O‘zbekistonda 25-may kuni «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil respublikadagi 10,2 mingta maktabni 1,1 mln nafardan ortiq o‘quvchi bitirmoqda, deb xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.
Shundan 472,4 ming nafari 11-sinf, 621,9 ming nafari esa 9-sinf bitiruvchilarini tashkil qiladi. Maktablarda bitiruv tadbirlari «Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!» shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Iflos havo miya faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi

Britaniyalik olimlar iflos havo inson organizmiga juda qisqa vaqt ichida ta’sir qilishi mumkinligini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, bino ichidagi va tashqaridagi zararli havo nafas olish tizimi hamda miya faoliyatini buzishi mumkin.
Tadqiqotda havodagi zararli aralashmalar inson miyasi ishini bir soat ichida o‘zgartirishi mumkinligi qayd etilgan. Birmingem universiteti olimi Tomas Faerti tadqiqot iflos havo demensiya xavfini oshirishini yaxshiroq tushunishga yordam berganini aytgan.
Yaqin Sharqdagi muzokaralar sabab neft narxi 6 foizga tushib ketdi

AQSh va Eron tinchlik bitimiga yaqinlashayotgani to‘g‘risidagi xabarlar fonida 25-may kuni neft narxi 6 foizga tushib, ikki haftalik minimumga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Dushanba kungi savdolarda Brent markali neft fyucherslari $5,85 ga (5,7 foiz) arzonlashib, bir barrel uchun $97,69 ni tashkil etdi. AQShning WTI markali nefti ham $5,75 ga (6 foiz) tushib, barreliga $90,85 dan sotildi. Har ikkala shartnoma 7-maydan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Indoneziyada Alisher Navoiy markazi ochildi

Indoneziyaning Gunadarma universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi rasman ish boshladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Gunadarma universiteti Indoneziyaning yirik oliygohlaridan biri bo‘lib, unda 40 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.
Fond bozori: qaysi aksiyalar narxi tushdi
«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 15-maydan 22-maygacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 1,34 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Garant bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,69 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» (+5,69%) va «BRB» aksiyalarida (+5,13%) ham o‘sish qayd etildi.
Toshkent metrosida bitiruvchilar qo‘shig‘i jonli ijroda yangradi

25-may kuni Toshkent metropolitenida maktab bitiruvchilari uchun kutilmagan musiqiy sovg‘a uyushtirildi. Bu haqda videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Videolarda metro bekatlaridan birida mashhur rossiyalik reper Bastaning «Vypusknoy» (Bitiruv) qo‘shig‘i yangragani aks etgan.