Olimlar Somon Yo‘lida qadimiy galaktika izlarini topishdi

Somon Yo‘li galaktikasida unga tegishli bo‘lmagan, qadimda yutib yuborilgan mitti galaktikaning qoldiqlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan 20 ta yulduz topildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Xartfordshir universiteti professori Federiko Sestito boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi metallga boy bo‘lmagan yulduzlarni o‘rgandilar. Bu yulduzlar kimyoviy jihatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, atrofidagi yulduzlardan keskin farq qiladi. Ular Somon Yo‘lining asosiy diskida joylashgani bois, olimlar bu yulduzlar juda qadimda yutib yuborilgan deb hisoblashmoqda.
Kompyuter modellashtirish natijalari shuni ko‘rsatdiki, metallga boy bo‘lmagan bu yulduzlar «qadimiy tizim qoldiqlari» bo‘lishi ehtimoli yuqori. Olimlar bu tizimni Skandinaviya mifologiyasidagi xudo sharafiga «Loki» deb atashdi.
Ma’lumot uchun, Somon Yo‘lining yoshi taxminan 13 mlrd yil. U o‘zining hozirgi o‘lchami va shakliga, qisman, kichikroq galaktikalar va yulduz klasterlarini yutib yuborish orqali erishgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oyda kislorod ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiya taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.