Qashqadaryoda bolani qutqargan FVB xodimi taqdirlandi

Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov Qashqadaryo viloyati FVB xodimi Husniddin Sharapovni ko‘rsatgan jasorati uchun «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan xizmat burchiga sadoqati, tezkorligi va o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da fuqaro hayotini saqlab qolgani uchun Sharapovga «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

FVV matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada qahramon qutqaruvchi o‘sha kungi hayajonli lahzalarni shunday xotirlaydi:
«Men bir soniya ham o‘ylab o‘tirmay, daryoga sakradim. Hr bir ota , har bir erkak meni o‘rnimda shu ishni qilgan bo‘lar edi», — deydi Husniddin Sharapov voqea joyini ko‘rsatar ekan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-may kuni soat 17:00 larda Kitob tumani «Bog‘bon» mahallasida yashovchi 9 yoshli bola velosiped minib ketayotib, muvozanatini yo‘qotishi oqibatida Qashqadaryo daryosiga tushib ketgan edi.
Bolaning suvda oqib ketayotganini ko‘rgan aka yordamga chaqirgan va tasodifan shu atrofda istiqomat qiluvchi mayor Sharapov zudlik bilan yordamga yetib kelib, bolakayni qutqarib qolgan.
Avvalroq Kursiv nashri Shavkat Mirziyoyev Raxmatulla Jabbarovni faxriy unvon bilan taqdirlagani haqida xabar bergan edi.