Sel suvlaridan foydalanish orqali 13 ming gektar yer qayta ishlatishga topshiriladi

eʼlon qilindi
Sel xavfini kamaytirish bo‘yicha integral yondashuv joriy etiladi
Sel suvlaridan foydalanish orqali 13 ming gektar yer qayta ishlatishga topshiriladi / Foto: President.uz

Sel-toshqin suvlaridan oqilona foydalanish orqali 13 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi suv fondi yerlari hamda sel-toshqin suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda mamlakatda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlari natijasida yiliga 1,3 mlrd kub metr suv tejalmoqda.

Shu paytgacha 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal hamda 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu maqsadlar uchun 3 trln so‘m yo‘naltirilib, 858 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilandi, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.

Shuningdek, yig‘ilishda suv infratuzilmasini iqtisodiy aktiv sifatida rivojlantirish masalasi alohida qayd etildi. Daryo, kanal va suv omborlari bo‘yida turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish orqali hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish mumkinligi ta’kidlandi. Jahon tajribasiga ko‘ra, suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan $1 sarmoya $3–$10 iqtisodiy qaytim berishi mumkin.

Yangi yondashuv doirasida qirg‘oqlarni mustahkamlashda hosil bo‘ladigan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat berilishi, suv va sel omborlari hamda kanallarda tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinishi, suvdan bo‘shagan yerlar esa ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga berilishi belgilandi. Shu orqali 100 ming gektar yer maydonini iqtisodiy muomalaga kiritish, 100 mingta ish o‘rni yaratish hamda yiliga 220 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad olish imkoniyati qayd etildi.

Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 mln kub metr suv behuda oqib ketayotgani, bu esa 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish imkonini berishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, sel xavfini kamaytirish va suv zaxiralaridan kompleks foydalanish bo‘yicha integral yondashuv joriy etilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 26-maydan 1-iyungacha kutilayotgan yomg‘irlar sabab respublikaning qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilingan edi.

Shuningdek