Fan

Oy uchun poyga avj olmoqda: Xitoy uch astronavtini fazoga uchirdi

25-may 2026 20:41 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Oy uchun poyga avj olmoqda: Xitoy uch astronavtini fazoga uchirdi / Foto: BBC

Xitoy 2030-yilgacha Oyga inson yuborish dasturi doirasida uch astronavtini kosmik stansiyaga yubordi. Mamlakat uzoq muddatli kosmik parvozlarning inson organizmiga ta’sirini o‘rganishni maqsad qilgan, deya yozmoqda Reuters.

Shenchjou-23 kemasi 25-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:08 da Gansu provinsiyasidagi Szyutsyuan kosmodromidan Long March-2F Y23 raketasi yordamida uchirildi. Ekipaj tarkibidan komandir Chju Yangchju, uchuvchi Chjan Yuanchji va foydali yuk mutaxassisi Li Jiayin o‘rin oldi.

Foto: Reuter

Missiya doirasida astronavtlardan biri Tyangun kosmik stansiyasida bir yil qoladi. Bu Xitoy tarixidagi eng uzoq kosmik missiya hisoblanadi. Parvoz davomida olimlar radiatsiya ta’siri, suyak zichligining kamayishi va ruhiy bosim kabi omillarning inson organizmiga ta’sirini o‘rganadi.

Parvoz AQSh va Xitoy o‘rtasidagi Oy poygasi kuchaygan bir paytda amalga oshirildi. NASA 2028-yilda, Xitoy esa 2030-yilgacha Oyga inson yuborishni rejalashtirmoqda. Pekin 2035-yilgacha Rossiya bilan hamkorlikda Oyda doimiy baza qurishni maqsad qilgan. Shu sababli Long March-10 raketalari, Mengchjou kemasi va Lanyue Oy moduli sinovdan o‘tkazilmoqda.

Foto: Space

Missiya davomida Tyangun stansiyasi bilan avtonom tezkor tutashuv tizimi ham sinovdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Xitoy kosmosda insonning uzoq muddat yashashi imkoniyatlarini o‘rganish uchun ildiz hujayralari asosidagi sun’iy embrion tajribasini ham olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA’ning «Artemida-2» missiyasini bajargan astronavtlar Oyni muvaffaqiyatli aylanib, Yerga qaytgan edi.

Shuningdek