Qurbon hayiti arafasida xodimlar ishdan 1 soat oldin ketishi mumkin

26-may, Qurbon hayiti arafasida O‘zbekistondagi xodimlar uchun ish vaqti kamida bir soatga qisqartirilishi kerak. Bu Mehnat kodeksining 187-moddasida belgilangan.
Qonunchilikka ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kunidan oldingi ish kuni barcha xodimlar uchun qisqartirilgan ish kuni hisoblanadi. Shu sababli bugun ishga chiqqan fuqarolar odatdagidan bir soat oldinroq ish joyini tark etish huquqiga ega.
Ertaga — 27-may kuni Qurbon hayitining birinchi kuni nishonlanadi va ushbu sana rasmiy dam olish kuni hisoblanadi. Shuningdek, 28 va 29-may kunlari ham qo‘shimcha dam olish kunlari etib belgilangan. Haftasiga olti kun ishlaydiganlar uchun 30-may ham dam olish kuni bo‘ladi.
Uzluksiz faoliyat yuritadigan korxonalar yoki ish vaqtini qisqartirish imkoni bo‘lmagan tashkilotlarda esa ortiqcha ishlangan vaqt keyinchalik qo‘shimcha dam berish yoki qo‘shimcha haq to‘lash orqali qoplanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 26-may kuni o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutayotgani haqida yozgandi.