Raqobat qo‘mitasi ikkita aviakompaniyaning reys kechikishlarini tekshirmoqda

«Centrum Air» va «Qanot Sharq» aviakompaniyalari faoliyati yuzasidan ko‘payayotgan shikoyatlar sabab Raqobat qoʻmitasi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so‘rov yubordi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida aviaqatnovlarga oid murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga oshgan. Shikoyatlarning asosiy qismi reyslarning uzoq kechikishi, sifatsiz xizmat va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi bilan bog‘liq.
O‘rganishlarda ayrim yo‘lovchilarga oldindan chipta va bron mavjud bo‘lsa ham samolyotdan joy berilmagani, kechikkan reyslar vaqtida oziq-ovqat, ichimlik suvi yoki mehmonxona bilan ta’minlash kabi majburiyatlar bajarilmagani aniqlangan.
Shuningdek, ayrim holatlarda aviakompaniyalar yo‘lovchilarni kompensatsiya tartiblari haqida oldindan xabardor qilmagani, tutash reyslarga kechikish oqibatida yuzaga kelgan xarajatlarni qoplash masalasida ham muammolar kuzatilgani qayd etildi.
«Oʻzaviatsiya»dan parvozlar kechikishi sabablari, samolyotlarning texnik holati va xizmat sifati bo‘yicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Raqobat qo‘mitasi hozirda 2025 – 2026-yillardagi reyslar kechikishi va yo‘lovchilarga to‘langan kompensatsiyalar yuzasidan qo‘shimcha tahlillar olib borayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan raqobat yoki reklama qoidabuzarligi haqida xabar berganlar qancha mukofot puli olishi haqida yozgandi.