Elektr va gaz narxining oshishi aholi xarajatlariga sezilarli ta’sir ko’rsatdi

Markaziy bankning 2026-yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining sezgan inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,1 foizni tashkil etdi. Tadqiqotda 3 475 nafar respondent qatnashgan.

Hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryoda — 12,9 foiz qayd etilgan bo‘lsa, eng past daraja Farg‘onada — 9,5 foiz bo‘ldi. Shuningdek, Surxondaryoda 12,4 foiz, Toshkent viloyatida 12,1 foiz, Sirdaryoda 11,7 foiz va Toshkent shahrida 11,5 foizlik sezilgan inflyatsiya qayd etilgan. Namangan 11,3 foiz, Jizzax 11,1 foiz, Samarqand 10,6 foiz, Navoiy 10,2 foiz, Buxoro, Andijon va Xorazmda 10,1 foiz, Qoraqalpog‘istonda esa 10 foiz ko‘rsatkich kuzatilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholini eng ko‘p oziq-ovqat va kommunal xizmatlar narxining oshishi xavotirga solmoqda. Respondentlarning 56 foizi go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini bildirgan. Meva-sabzavot narxlarining oshishini 29 foiz, benzin va yoqilg‘i bo‘yicha o‘sishni 28 foiz respondent qayd etgan.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshganini esa respondentlarning 25 foizi asosiy inflyatsion omil sifatida ko‘rsatgan. Dollar kursining o‘zgarishini 23 foiz ishtirokchi sezgan.
Shuningdek, qurilish materiallari narxining oshishini 20 foiz, kafe va restoran xizmatlari qimmatlashganini 18 foiz, tibbiy xizmatlar hamda o‘simlik yog‘i narxini 16 foiz respondent tilga olgan. Yo‘lkira va transport xizmatlari 15 foiz, kiyim-kechak va poyabzal 14 foiz, ijara va ta’mirlash xizmatlari 12 foiz, tuxum narxi 11 foiz, shakar, qandolat mahsulotlari, maishiy va ta’lim xizmatlari 10 foiz, non va un mahsulotlari 9 foiz, guruch esa 6 foiz ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Daromadlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya oyiga 30 million so‘mdan ortiq topadiganlarda — 14,7 foizni tashkil etdi. 20–30 million so‘m daromad qiluvchilarda bu ko‘rsatkich 14,1 foiz bo‘lgan. Eng past daraja esa 2–4 million so‘m daromad oluvchilarda — 10,5 foiz qayd etildi.

Kasblar kesimida savdo sohasi vakillari narxlar oshishini eng kuchli his qilgan — 13,1 foiz. Maishiy xizmat ko‘rsatuvchilar orasida bu ko‘rsatkich 12,3 foiz, pensionerlarda esa 12,2 foiz bo‘lgan. Eng past sezilgan inflyatsiya davlat tashkilotlari xodimlarida — 9,9 foiz va qurilish sohasida — 10 foiz darajasida qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aprel oyida nimalar qimmatlashgani haqida yozgandi.