Eronda qariyb 90 kunlik cheklovdan so‘ng internet qayta tiklanadi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qariyb 90 kun davom etgan internet cheklovlaridan so‘ng xalqaro internetga kirishni qayta tiklash bo‘yicha farmoyish berdi. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Hozircha Eronning global internet tarmog‘iga qachon va qanday tartibda to‘liq ulanilishi noma’lumligicha qolmoqda. NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat fuqarolari 87 kun davomida xalqaro internetdan foydalana olmagan. Faqat ayrimlar qimmat va murakkab VPN xizmatlari orqali cheklovlarni aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.
Eron hukumati dastlab 8-yanvar kuni hukumatga qarshi namoyishlar fonida internet faoliyatini cheklagan edi. Fevral oyida aloqa qisman tiklana boshlagan, biroq 28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari boshlangach, yangi internet cheklovlari joriy qilingan.
Qayd etilishicha, odatiy davrlarda ham Eronda ko‘plab saytlar senzura qilinadi va global internetdan foydalanish keskin nazorat ostida bo‘ladi. So‘nggi yillarda mamlakat ichki xizmatlar uchun alohida intranet tizimiga ko‘proq tayanmoqda. Xususan, maktablarda onlayn ta’lim jarayonlari ham aynan shu ichki tarmoq orqali olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh kuchlari Eron janubidagi bir qator nishonlarga, jumladan, mina o‘rnatmoqchi bo‘lgan qayiqlar va raketa uchirish maydonchalariga zarba bergan edi.