
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi guruhdosh raqibi — Kongo hududida Ebola xavfi sababli AQSh hukumati ushbu mamlakatdan keluvchilarga 21 kunlik qat’iy karantin e’lon qildi. Shu bilan birga, yana bir ishtirokchi Eron terma jamoasi AQSh vizasidagi murakkabliklar tufayli o‘z bazasini Meksikaga ko‘chirishga qaror qildi.
Mundarija:
- Kongo terma jamoasiga 21 kunlik taqiq
- O‘zbekiston uchun bu qanday ahamiyatga ega
- Eronning kutilmagan qarori: AQSh o‘rniga Meksikadagi qarorgoh
Kongo terma jamoasiga 21 kunlik taqiq

Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) terma jamoasi naq 52 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, chinakam tarix yaratgan edi. Ammo afrikaliklarning ishtiroki kutilmaganda shubha ostida qoldi. Bunga sabab mamlakat hududida Ebola virusining o‘ta xavfli va kamyob «Bundibugyo» shtammi tarqalayotganidir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mazkur holatni xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb baholadi. Raqamlarga e’tibor qaratsak, vaziyat qanchalik jiddiy ekanini anglash qiyin emas. 2026-yil 25-may holatiga ko‘ra Kongoda virus oqibatida 220 dan ortiq inson vafot etgan, yana 900 dan ziyod kishi kasallikni yuqtirganlikda gumon qilinmoqda.
Shu o‘rinda, turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSh hukumati ham qat’iy choralarga qo‘l urdi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) oxirgi 21 kun ichida Kongoda bo‘lgan xorijliklarga mamlakatga kirishni taqiqladi. Oq uyning JCh bo‘yicha maxsus ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani esa Kongo futbol federatsiyasiga ochiq ultimatum qo‘ydi. Delegatsiya AQShga uchishdan oldin Yevropada 21 kunlik qat’iy tibbiy karantinda yashashi shart, aks holda jamoa musobaqadan chetlatiladi.

Kongo bu talabga ko‘nishga majbur bo‘ldi. Poytaxt Kinshasadagi xayrlashuv tadbirlari va yig‘inlar bekor qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Belgiyada izolyatsiyaga kirdi. Bu holat musobaqaga qanday ta’sir qiladi? Xalqaro futbol eksperti Alisher Nikinbayev vaziyatni shunday tahlil qiladi:
«Fors-major holatlar tarixda faqatgina bitta jamoa uchun yuz bermagan. Pandemiya paytida yoshlar toifasidagi butun boshli Jahon chempionatlari qoldirilganini eslaymiz. Lekin faqat bitta jamoa uchun bunday vaziyat hech qachon bo‘lmagan. Kongo masalasida baribir buning yechimi topiladi. Birinchidan, ularning deyarli 100 foiz futbolchilari Kongoda yashamaydi. Asosiy muammo moliya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki butun boshli jamoani 21 kun boshqa davlatda saqlash arzon tushmaydi».
Darhaqiqat, FIFA ham yevropadagi 21 kunlik karantin talabi bajarilayotganini inobatga olib, Kongoning musobaqada qatnashishiga yashil chiroq yoqdi. Biroq eng katta zarba muxlislarga tegdi — oddiy Kongo fuqarolari vizadagi cheklovlar sabab AQShga bora olmaydi. Jamoa «tribunasiz», muxlislar yordamisiz to‘p surishga majbur.
O‘zbekiston uchun bu qanday ahamiyatga ega

E’tiborli jihati, O‘zbekiston va Kongo o‘rtasidagi guruh bosqichining 3-tur uchrashuvi 28-iyun kuni Atlantada bo‘lib o‘tadi. Dastlabki qarashda raqib jamoa karantin va ruhiy bosim ostida charchagandek tuyulishi mumkin. Ammo Alisher Nikinbayev masalaning umuman boshqa tomoniga e’tibor qaratdi:
«Biz yana bitta narsani inobatga olishimiz kerak. Biz Kongo bilan guruhdagi oxirgi, ya’ni uchinchi o‘yinni o‘tkazamiz. Ungacha ular bemalol Amerikaga yetib borib, joylashib, mashg‘ulotlarga kirishib, ikkita o‘yinni o‘tkazib ulgurishadi. Menimcha, biz bilan bo‘ladigan o‘yinga kelib, ular uchun bu muammo o‘z yechimini topib bo‘lgan va ular iqlimga, vaqtga moslashish jarayonidan bemalol o‘tib bo‘lishgan bo‘ladi».
Eronning kutilmagan qarori: AQSh o‘rniga Meksikadagi qarorgoh
Jahon chempionati tashkilotchilarini bosh qotirishga majbur qilayotgan yana bir masala — Eron terma jamoasi atrofidagi ziddiyatlardir. Dastlab AQShning Arizona shtatini baza sifatida tanlagan forslar, kutilmaganda o‘z qarorgohini Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirdi.

Bunga ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro murakkab munosabatlar va vizalar berishdagi byurokratik to‘siqlar sabab bo‘ldi. Eronning jamoa rasmiylari va futbolchilarining AQSh vizasini olishi qiyinlashib ketdi. Ustiga-ustak, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron delegatsiyasining xavfsizligi yuzasidan qo‘shimcha fikrlar bildirdi.

Bunday vaziyatda Meksika hukumati o‘z yechimini taklif qildi. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘zining rasmiy bayonotida shunday dedi:
«Eron jamoasining Meksikada qolishi uchun ularga ruxsat bermaslikka hech qanday sabab ko‘rmayapmiz».
Natijada Eron o‘z o‘yinlarini AQShda o‘tkazadi, biroq bazasi Meksikada joylashadi. Tixuanadan Los-Anjelesga 55 daqiqada uchib borish va darhol qaytish logistikasi ishlab chiqildi. Bu amaliyot tashqaridan noodatiy ko‘rinsa-da, Nikinbayevning fikricha, uzoqdan qatnab o‘ynash Jahon chempionatlari uchun yangilik emas. Biroq Eronning holatida o‘ziga xos muammo va shu bilan birga qulaylik bor.

«Jamoalarning o‘yin o‘tkazmaydigan shaharda baza tanlashi yangilik emas. Masalan, Angliya bitta ham o‘yin o‘tkazmaydigan Kanzasni, Ispaniya esa Atlantadan ikki soatlik uzoqlikdagi Chattanuqa shahrini tanlagan. Bizning O‘zbekiston terma jamoasi ham Atlantada yashab, Meksika va Xyustonga borib o‘ynaydi. Lekin Eronning holati umuman boshqacha. To‘g‘ri, ular bitta mamlakatda yashab, ikkinchi mamlakatga uchadi va har bir o‘yinga bojxona hamda chegaradan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Bu qo‘shimcha vaqt va mashaqqat talab qiladi. Ularning viza borasida muammolarga duch kelgan rahbarlari sharoitni shunday qilishganki, ular o‘yinlarga bormasdan ham jamoa bilan vaqtni birga o‘tkaza oladi. Ya’ni baza Meksikada bo‘lishining eng katta qulayligi — Eron delegatsiyasi rahbariyati shu yerda o‘z jamoasi bilan birga bo‘ladi», – deya qayd etdi Nikinbayev.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 26-may kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga yakuniy tayyorgarlik ko‘rish va musobaqada ishtirok etish uchun AQShga jo‘nab ketdi.