Yangi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi

eʼlon qilindi
Aeroport 169 ta havo kemasi turargohi bilan jihozlanadi
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi / Foto: President.uz

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda avvalo «Toshkent – Samarqand» muqobil avtomobil yo‘lini qurish loyihasi muhokama qilindi. Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan ushbu yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog‘laydi hamda I-a toifada sement-beton qoplama bilan, har ikki yo‘nalishda uchta harakat tasmasi asosida qurilishi rejalashtirilgan. Loyihada 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 258 ta drenaj inshooti hamda intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Aviatsiya sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Hududlarda 7 ta xalqaro aeroport rekonstruksiya qilinib, Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo va So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilishi natijasida ularning umumiy soni 18 taga yetdi. Shuningdek, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini tijorat va boshqaruv jihatidan mustaqil tizim asosida rivojlantirish, 2030-yilga borib yo‘lovchi va yuk tashish hajmlarini sezilarli oshirish, hamda «porto-franko» erkin zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. U yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, 208,4 ming kvadrat metr maydondagi terminal, 169 ta havo kemasi turargohi va 4 kilometrdan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, aviatsiya yoqilg‘i ta’minotini rivojlantirish doirasida 2030-yilgacha ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, aeroportlardagi yoqilg‘i tizimlarini to‘liq raqamlashtirish hamda xalqaro standartlarga moslashtirish vazifalari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Toshkent va yangi aeroport o‘rtasidagi metro qurilishiga jalb etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek