Rossiyada migrantlar uchun tibbiy koʻrik muddati qisqartirildi

Rossiya Davlat dumasi migrantlar uchun tibbiy koʻrikdan oʻtish muddatini qisqartiruvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
Yangi tartibga koʻra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan xorijliklar tibbiy koʻrikdan 30 kun ichida oʻtishi kerak boʻladi. Avval bu muddat 90 kun edi. Tekshiruvda giyohvand va psixotrop moddalar isteʼmoli, shuningdek, yuqumli kasalliklar bor-yoʻqligi aniqlanadi.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning aytishicha, tibbiyot tashkilotlari koʻrik natijalari haqidagi maʼlumotlarni 24 soat ichida Rossiya IIVga yuborishi shart boʻladi.
Agar migrantda yuqumli kasallik aniqlansa, bu haqda Rospotrebnadzorga ham xabar beriladi. Bunday holatda xorijlik tezkor deportatsiya qilinishi mumkin.
Tibbiy koʻrikdan boʻyin tovlaganlar 50 ming rublgacha jarimaga tortiladi. Sud qarori bilan ularni Rossiyadan chiqarib yuborish ham mumkin.
Shuningdek, xavfli kasalliklar yoʻqligi haqidagi soxta hujjatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bunday hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish uchun sakkiz yilgacha qamoq hamda 3 mln rublgacha jarima belgilanishi mumkin.
Volodinning soʻzlariga koʻra, yangi qonun noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va sanitariya xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan.
Avvarloq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari keskin oshirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.