UzChasysʼdagi davlat ulushi sotildi, JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi — 28-may kuni e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan dayjestida
Foto: Kursiv Uzbekistan

Xitoy elektromobillarining ulushi 15 foizga oshdi, UzChasysʼdagi davlat ulushi sotildi hamda JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi — 28-may kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

AQSh Erondagi harbiy obyektga yangi zarbalar berdi

AQSh harbiylari Erondagi harbiy obyektga yangi zarbalar berdi. Bu haqda Reuters va CNN AQSh rasmiysiga tayanib xabar bermoqda.

Zarba Bandar-Abbos yaqinidagi obyektga qaratilgan. AQSh rasmiylariga koʻra, u Amerika harbiylari va Hormuz boʻgʻozidagi tijoriy kemalar uchun xavf tugʻdirgan.

Reuters ma’lumotiga koʻra, AQSh harbiylari bir nechta Eron dronlarini ham urib tushirgan. Nishonga olingan obyekt dronlarni boshqarish stansiyasi boʻlgan.

Yevropa bozorida Xitoy elektromobillarining ulushi 15 foizga oshdi

Joriy yilning aprel oyida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining Yevropa elektromobil bozoridagi ulushi ilk bor 15 foizdan oshdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, BYD va Chery kabi kompaniyalarning Yevropadagi savdosi bir yil ichida ikki baravardan koʻproqqa oshgan. Aprelda ular jami 38 mingdan ortiq toʻliq elektr avtomobillar sotgan. Xitoy brendlari Yevropada, asosan, narxga e’tibor beradigan xaridorlarni jalb etmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa arzon elektromobillar taklif qilishda qiyinchilikka duch kelayotir.

Rossiyada migrantlar uchun tibbiy koʻrik muddati qisqartirildi

Rossiya Davlat dumasi migrantlar uchun tibbiy koʻrikdan oʻtish muddatini qisqartiruvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

Yangi tartibga koʻra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan xorijliklar tibbiy koʻrikdan 30 kun ichida oʻtishi kerak boʻladi. Avval bu muddat 90 kun edi. Tekshiruvda giyohvand va psixotrop moddalar iste’moli, shuningdek, yuqumli kasalliklar bor-yoʻqligi aniqlanadi.

UzChasysʼdagi davlat ulushi 333 mlrd soʻmga sotildi

UzChasys zavodidagi 70 foizlik davlat ulushi auksion orqali 332,9 mlrd soʻmga sotildi. Savdoda «Best Pipe and Parts» AJ gʻolib boʻldi.

Auksion 25-may kuni oʻtkazildi. Savdo 184,9 mlrd soʻmlik boshlangʻich narx bilan boshlangan. Jarayon 51 daqiqa davom etdi. Shu vaqt ichida 16 ta narx taklifi berildi. Yakuniy narx boshlangʻich qiymatdan 80 foiz yuqori boʻldi.

Bitim shartlariga koʻra, xaridor korxonaning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil saqlab qolishi kerak. Shuningdek, ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish yoki sotish «Oʻzavtosanoat» bilan kelishiladi.

Qirgʻizistonda Oʻzbekiston bilan chegarada yangi post ochildi

Qirgʻizistonning Botken viloyatida Oʻzbekiston bilan chegarada yangi chegara posti ochildi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili xabar berdi.

Ochilish marosimida Qirgʻiziston Davlat chegara xizmati raisi Abdikarim Alimbayev onlayn ishtirok etdi. Tadbirda prezidentning Botken viloyatidagi vakolatli vakili Mamirjan Rahimov, mahalliy rahbarlar va chegarachilar qatnashdi.

Ushbu hududda chegarachilar qirgʻiz – oʻzbek davlat chegarasining 12 kilometrdan ortiq qismini qoʻriqlaydi. Shu kuni Qirgʻiziston hududida yana bir nechta chegara obyektlari ham ochildi.

Oʻzbekiston JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo boʻlish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari boʻyicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

Urunovning ta’kidlanishicha, bu boradagi kelishuvlarga 2024-yildayoq erishilgan. Biroq protokol matni va texnik jihatlarni kelishish ma’lum vaqt talab qilgan.

Shu bilan birga, Hindiston bozorga kirish masalalarida konstruktiv yondashuv ko‘rsatgan.

Urunov Hindistonga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi.

AQShda FIFA’ga qarshi chipta narxlari boʻyicha tekshiruv boshlandi

AQShning Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari prokuraturalari FIFAga nisbatan tekshiruv boshladi. Gap 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari narxi va oʻrindiqlar taqsimoti haqida bormoqda.

Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms va Nyu-Jersi bosh prokurori Jennifer Devenport FIFAʼga soʻrov yuborgan. Ular MetLife stadionida oʻtadigan sakkizta oʻyin boʻyicha ma’lumotlarni talab qilmoqda. Ushbu stadionda JCh – 2026 finali ham oʻtkaziladi. Final uchrashuvi 19-iyul kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

Shuningdek