Mirziyoyevning Ostonaga tashrifi, Jeff Bezos raketasining qulashi — 29-mayning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 29-may kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
1-iyuldan banklar va mobil operatorlar yirik soliq to‘lovchi sifatida tan olinadi

1-iyuldan boshlab ayrim kompaniyalar budjetga qancha soliq to‘laganidan qat’iy nazar, avtomatik tarzda yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Yangi tartib banklar, sug‘urta kompaniyalari, fond va valyuta birjalari, mobil aloqa operatorlari, tamaki ishlab chiqaruvchilari, yirik sanoat korxonalari, xalqaro aviatsiya kompaniyalari hamda energetika va mineral resurslar sohasidagi korxonalarga tatbiq etiladi.
Shuningdek, oxirgi 12 oyda Davlat budjetiga BHMning 240 ming baravaridan ortiq to‘lov qilgan va kamida 100 nafar xodimga ega yuridik shaxslar ham yirik soliq to‘lovchi maqomini oladi.
Biznes sun’iy ravishda bo‘linishga majbur bo‘lgan — Saida Mirziyoyeva

O‘zbekistonda kichik biznes subyektlari uchun soliq yukini yengillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimini soddalashtirishga qaratilgan yangi qaror ishbilarmon doiralar tomonidan ijobiy kutib olindi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.
«Bu masala anchadan buyon tadbirkorlar uchun og‘riqli bo‘lib kelayotgan edi. Hududlarga safarlar chog‘ida ular QQS to‘lashga o‘tish bo‘yicha 1 milliard so‘mlik chegara juda pastligi, soliq ma’muriyatchiligi murakkabligi, tekshiruv va hisobotlar esa haddan tashqari ko‘pligini ta’kidlab kelishardi. Natijada biznes xotirjam rivojlanish o‘rniga sun’iy ravishda bo‘linishga majbur bo‘layotgan edi», – deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Shavkat Mirziyoyev Ostonada qanday kutib olindi — foto

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarini aeroportdaQozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda uch oyda 9,2 trln so‘mlik kiyim-kechak ishlab chiqarildi

2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan jami 9,2 trillion so‘mlik kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilib, hududda 3,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati 1 trillion so‘m bilan qayd etilgan bo‘lsa, Namangan viloyatida 797,4 milliard so‘mlik, Farg‘ona viloyatida esa 768,7 milliard so‘mlik kiyim ishlab chiqarilgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 691,3 milliard so‘mni tashkil etdi.
Jeff Bezosning Blue Origin raketasi sinovli uchish chog‘ida portladi

AQShning Blue Origin kompaniyasiga tegishli og‘ir toifadagi New Glenn raketasi Florida shtatidagi Cape Canaveral Space Force Station kosmodromida sinov vaqtida portlab ketdi. Bu haqda NASA Admin xabar berdi.
Hodisa raketaning kelasi haftaga rejalashtirilgan uchirishidan oldingi olovli sinov jarayonida yuz bergan.
Mirziyoyev YOII bilan to‘siqlarsiz raqamli savdo makoni yaratishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasida yagona raqamli savdo makonini shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident nutqida bugungi global iqtisodiyotda raqamli texnologiyalar va logistika davlatlar raqobatbardoshligini belgilayotganini ta’kidladi.
Toshkentdagi to‘rtta avtobus yo‘nalishi vaqtincha qisqartirildi

29-maydan boshlab Toshkent shahridagi Maqsud Shayxzoda ko‘chasida ta’mirlash ishlari boshlangani sababli ayrim avtobus yo‘nalishlari harakatida o‘zgarish joriy etildi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 70, 62, 80 va 88-sonli avtobuslar vaqtincha Muhammad Yusuf ko‘chasidagi oxirgi bekatgacha bormaydi. Ushbu yo‘nalishlar qatnovi Parkent ko‘chasidagi Muhammad Yusuf ko‘chasi bekatigacha qisqartirilgan.