Andijonda taqiqlangan modda bor mahsulot savdosi to‘xtatildi

eʼlon qilindi
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Andijonda taqiqlangan modda bor mahsulot savdosi to‘xtatildi
Foto: DXX

Andijon viloyatida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi taqiqlangan modda bo‘lgan mahsulotlar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Tadbir Marhamat tumani markazidagi savdo majmuasida o‘tkazilgan. Unda 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro shartli xaridorga 900 dona «Keto coffee mix» mahsulotini 6 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. Aniqlanishicha, ushbu mahsulot Andijon shahridagi «Jahon savdo kompleksi»da joylashgan do‘kondan xarid qilingan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan.

Natijada Andijon shahrida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli do‘kondan yana 480 dona «Keto coffee mix» mahsuloti olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida jami 11 kg «Keto coffee mix» mahsuloti musodara qilingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mahsulot tarkibida «sibutramin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lgan.

Yuqoridagi moddaning O‘zbekiston hududida muomalasi taqiqlangan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek