«PSJ» g‘alabasidan so‘ng Fransiyada 400 dan ortiq kishi ushlandi — foto, video

«PSJ»ning Chempionlar ligasi finalida «Arsenal» ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng Fransiyaning turli shaharlarida tartibsizliklar yuz berdi. Bu haqda France24 xabar berdi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 416 kishi qo‘lga olingan. Ularning 283 nafari Parijda ushlangan.
Tartibsizliklar oqibatida yetti nafar politsiyachi jarohat oldi. Shuningdek, olti avtomobil va ikki tijorat obyektiga zarar yetkazildi.
«PSJ»ning penaltilar seriyasidagi g‘alabasidan keyin Parijdagi mashhur Yelisey maydoniga 20 mingga yaqin muxlis yig‘ilgan. Ayrim muxlislar Parij halqa yo‘liga chiqib, transport harakatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan va pirotexnika vositalaridan foydalangan.

Politsiya 24 ta signal chirog‘i va qariyb 100 ta mushakni musodara qilgan. Yelisey maydoni yaqinidagi avtobus bekatlaridan biri ham shikastlangan.
Parc des Princes stadioni atrofida ham vaziyat keskinlashgan. Stadion ichida o‘n minglab muxlislar o‘yinni tomosha qilgan bo‘lsa, tashqarida 4 mingdan 5 minggacha odam to‘plangan. Ayrimlari politsiyaga turli buyumlar uloqtirgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 150 ga yaqin kishi stadion darvozalaridan biridan ichkariga kirishga uringan, biroq huquq-tartibot xodimlari ularni to‘xtatgan. Muxlislar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangan.
«PSJ» futbolchilari 1-iyun kuni Parijda muxlislar bilan tantanali parad o‘tkazishi rejalashtirilgan. Tadbirda 100 mingga yaqin odam qatnashishi kutilmoqda. Shundan so‘ng jamoani Fransiya prezidenti Emmanuel Makron qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadada qanday kutib olingani haqida xabar berilgandi. Kanada va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuv 2-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 06:00 da boshlanadi.