Tramp siyosati sabab Green Card olish yanada qiyinlashishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Green Card olish tartibiga oid yangi siyosatni e’lon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Yangi ko‘rsatmaga ko‘ra, AQShda vaqtinchalik viza bilan yashayotgan chet elliklar Green karta olish uchun odatda o‘z mamlakatiga qaytishi kerak bo‘ladi. Faqat istisno holatlardagina arizani AQSh hududida topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
Bu tartib, ayniqsa, H-1B va L-1 vizalari bilan ishlayotganlarga taalluqli. Hozirgacha Green karta oluvchilarning yarmidan ko‘pi AQShdan chiqmasdan, maqomini o‘zgartirish orqali doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritib kelgan.
Immigratsiya bo‘yicha mutaxassislar yangi siyosat AQSh Kongressi yillar davomida shakllantirgan qonunchilikka zid ekanini ta’kidlashmoqda.
Ularning fikricha, bu o‘zgarish malakali mutaxassislar va ularni ishga olgan kompaniyalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Yuristlar yangi tartib sudlarda e’tirozga uchrashi kutilayotganini aytmoqda. Ularning fikricha, immigratsiya xizmati qonunda belgilangan talablarni rasmiy tartibda o‘zgartirmasdan turib yangi cheklovlarni joriy qila olmaydi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi esa iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar va qonuniy tartibda ishlayotgan arizachilar uchun jiddiy muammolar yuzaga kelmasligini bildirgan.
Shunga qaramay, immigratsiya bo‘yicha ekspertlar yangi siyosatning asosiy maqsadi odamlarni Green karta olish uchun ariza topshirishdan qaytarish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 10-apreldan boshlab Green Card (Diversity Visa) dasturiga ariza topshirish tartibida yangi qoidalar tatbiq etilgandi. AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, ariza topshirayotgan shaxs muddati tugamagan pasport ma’lumotlarini kiritishi majbur bo‘ladi. Shuningdek, elektron ariza formasiga pasportning biografik va imzo sahifasi skaneri ham yuklanadi.