
AQShning Alabama shtatida yashovchi Nikki Adams mashhur The Simpsons multserialidagi oshxonaning deyarli aniq nusxasini o‘z uyida yaratdi. Bu haqda People nashri xabar berdi.
Ayol loyiha ustida uch oy davomida ishlagan. Ta’mirlash jarayonida maishiy texnikalar va pollar qayta bo‘yalgan, shkaflarga multfilm uslubidagi tutqichlar o‘rnatilgan hamda interyerga serialga oid turli dekorativ elementlar qo‘shilgan.
Nikki Adams o‘zgarishlar jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borgan va bu orqali 200 mingdan ortiq obunachi to‘plashga erishgan.
Uning aytishicha, loyiha bolalikdagi xotiralar va serialga bo‘lgan mehr tufayli amalga oshirilgan.
«Bolaligimda har yakshanba yangi qismlarni intiqlik bilan kutardim. Bu oddiy va kulgili hazillar menga vaqtni maroqli o‘tkazishga yordam berardi», – deydi u.
Ayol ranglarni imkon qadar multfilmga yaqinlashtirishga harakat qilganini, biroq ularni o‘z didiga ham moslashtirganini ta’kidlagan. Natijada oshxona internet foydalanuvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Simpsonlar» filmi 2027-yilda katta ekranlarga qaytishi haqida yozgandi.