2030-yilgacha Jizzax, Samarqand va Toshkentda 5 ta yangi sel-suv ombori barpo etiladi

eʼlon qilindi
Ayrim loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi
Благоустройство Чирчика
Foto: Suv Map

O‘zbekistonda sel va toshqin suvlaridan samarali foydalanish maqsadida 2027 – 2030-yillarda beshta yangi sel-suv ombori qurilishi rejalashtirilmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, yangi inshootlar Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etiladi.

Loyihalar orasida Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi Tangatopdisoy, Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi G‘ijduvonsoy va Choshtepasoy, Qo‘shrabot tumanidagi Oqtepasoy hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Oqsoqotasoy sel-suv omborlari mavjud.

Yangi omborlar ishga tushirilishi natijasida Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yerning suv bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Bundan tashqari, Samarqandda 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yerlarni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish imkoniyati yaratiladi.

Mamlakat bo‘ylab kichik suv zaxiralarini shakllantirish mumkin bo‘lgan 60 ta istiqbolli hudud aniqlangan. Yangi sel omborlari bahor va yoz oylarida oqib ketayotgan suvlarni yig‘ish, sug‘orish imkoniyatlarini kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirishga xizmat qiladi.

Ayrim loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Jumladan, Tangatopdisoy va Oqsoqotasoy sel-suv omborlari qurilishiga xususiy investorlar ham jalb etiladi.

Qarorga muvofiq, omborlar atrofida turizm va rekreatsiya maskanlari, shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish imkoniyati ham yaratiladi. Zarur muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarini qurish xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2 – 5-iyun kunlari 9 ta hududda sel xavfi yuzaga kelishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek