Kongoda Ebolaning yangi shtammidan tuzalgan ilk bemorlar shifoxonadan chiqarildi

eʼlon qilindi
Ebola isitmasiga chalingan to‘rt nafar hamshira davolanishdan so‘ng shifoxonadan javob berilgan
Kongoda Ebola yangi shtammidan tuzalgan ilk bemorlar shifoxonadan chiqarildi
Foto: Reuters

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusining yangi shtammidan tuzalgan ilk bemorlar shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Bundibugyo shtammi sababli Ebola isitmasiga chalingan to‘rt nafar hamshira davolanishdan so‘ng shifoxonadan javob berilgan. Avvalroq laboratoriya xodimlaridan biri ham sog‘aygani ma’lum qilingan edi. Shu tariqa mamlakatda ushbu virusdan tuzalganlar soni besh nafarga yetdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti erta tashxis qo‘yish natijasida sog‘ayganlar soni ortishini kutmoqda. Biroq umumiy kasallanish holatlari hali ham ko‘paymoqda. Kongoda Ebola bilan kasallanish bo‘yicha tasdiqlangan holatlar soni 282 taga yetdi. Kasallik oqibatida 42 kishi vafot etgan.

JSST may o‘rtalarida Kongo va Ugandadagi Ebola avj olishini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qilgan edi. Bundibugyo shtammi ilk bor 2007-yilda aniqlangan. U Zaire ebolavirus shtammiga qaraganda kamroq uchraydi va yetarlicha o‘rganilmagan.

Ebola havo orqali yuqmaydi. Virus infeksiyalangan odamning biologik suyuqliklari bilan bevosita kontakt orqali tarqaladi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Kongoda Ebola virusining 101 ta tasdiqlangan holati aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek