Elektr narxi qayta oshirilmadi — vazirlik yangi tariflarni izohladi

Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov elektr va gaz tariflari 2026-yilda qayta oshirilmaganini, balki inflyatsiya darajasiga mos ravishda indeksatsiya qilinganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar o‘rtacha 10 foizga oshirilgan. Bunda 200 kVt-soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi tarifi 8 foizga, 200 – 500 kVt-soat oralig‘idagi tarif esa 12 foizga ko‘tarilgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, tariflarning inflyatsiyaga mos ravishda yangilanib borilishi energetika tizimini modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar va transformator punktlarini qurish hamda elektr tarmoqlarini yangilash uchun zarur.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tariflar oshirilmasa, ushbu xarajatlarni Davlat budjeti hisobidan qoplashga to‘g‘ri keladi. Bu esa sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi kabi ijtimoiy sohalarga ajratiladigan mablag‘larning kamayishiga olib kelishi mumkin.
Muhammadjonov O‘zbekistondagi elektr energiyasi narxlari dunyodagi eng arzon davlatlar qatorida ekanini ham qayd etdi.
«Globalelectric.org sayti orqali kirib ko‘radigan bo‘lsangiz ham, O‘zbekistondagi energiya narxlari dunyo mamlakatlarida Top – 20 eng past narxdagi davlatlar qatorida turadi. Ya’ni energetika narxlari o‘rtacha elektr energiyasining narxi 4-5 sentni tashkil qiladi O‘zbekistonda. Bu xalqimiz o‘zi oshgandi degan, ortiq edi, yana oshirishdi degan fikrni, nima deydi, to‘g‘rilash uchun bu narsani to‘g‘ri tariflash kerak», – deydi u.
Mutaxassis elektr energiyasi tariflari uni ishlab chiqarish, tashish va tarmoqlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari asosida shakllanishini ta’kidladi. Shuningdek, aholiga bazaviy me’yor doirasida yetkazib berilayotgan elektr energiyasi tannarxi bilan amaldagi tarif o‘rtasidagi farq Davlat budjeti tomonidan qoplanayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi saqlash tizimlari hisobidan qoplanayotgani ma’lum qilingandi. Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga yetkazish rejalashtirilgan. Energiya sig‘imi esa 3600 MVt·soatga yetkazilishi kutilmoqda.