Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalari asossiz olingan 440 mln so‘mni qaytaradi

Pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolardan qariyb 440 mln so‘m asossiz undirilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Guliston tibbiyot klasteri 2024-yilda ayrim pullik tibbiy xizmatlar bo‘yicha xarajatlarni hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Natijada 110 turdagi xizmat bo‘yicha 100 mingga yaqin fuqarolardan qariyb 340 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.
Shu sababli muassasaga mazkur mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyatida esa Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali faoliyati tekshirildi. Aniqlanishicha, 2023 – 2025-yillar davomida pullik tibbiy xizmatlar narxlarining noto‘g‘ri hisoblanishi oqibatida 40,5 mingga yaqin mijozlardan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz undirilgan.
Mazkur holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, muassasaga ham ortiqcha undirilgan mablag‘larni fuqarolarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki holatda jami qariyb 140 ming nafar iste’molchining huquqlari tiklanib, ulardan asossiz undirilgan 440 mln so‘mga yaqin mablag‘ qaytarilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi ikkita aviakompaniyaning reys kechikishlarini tekshirayotgani haqida yozgandi.