Prezident madaniyat va san’at fidoyilariga davlat mukofotlarini topshirdi — foto

Poytaxtdagi Xalqaro kongress markazida madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan davlat rahbari millat taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki uning ma’naviyati, madaniyati va san’ati bilan ham baholanishini ta’kidladi.
«Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi ta’sirchan, san’ati jozibador bo‘lsa, o‘sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi», – dedi.
Qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson qalbini tarbiyalaydigan keng ma’naviy makon yaratilmoqda. Bu yo‘lda ziyolilar, ijodkorlar, madaniyat va san’at namoyandalarining hissasi alohida ahamiyat kasb etadi.






Tadbirda sohaning 167 nafar vakili faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida yozuvchi va shoirlar, xonandalar, bastakorlar, teatr va kino arboblari, baxshilar, rassomlar, hunarmandlar, muzey va kutubxona xodimlari hamda ustoz-murabbiylar bor.
Shuningdek, adabiyot va san’at rivojiga munosib hissa qo‘shgan 24 nafar ijodkor davlat mukofotlari bilan vafotidan so‘ng taqdirlandi.
«Yurtimizdagi har bir insonning, hatto ular o‘tib ketgan bo‘lsa-da, xizmatlarini munosib e’tirof etish ham bizning ma’naviy burchimizdir», – dedi davlat rahbari.





Tadbir yakunida Prezident mukofot sohiblarini tabriklab, ushbu yuksak e’tirof ularni yangi ijodiy marralar sari ruhlantirishiga ishonch bildirdi. Mukofotlanganlar esa yaratilayotgan sharoitlar va ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ashula va raqs ansambllari xodimlarining ish haqi ikki baravar oshirilishi haqida yozgandi.