
Huawei kompaniyasi Nova 16 va Nova 16z smartfonlarini taqdim etdi. Gizmochina’ga ko‘ra, yangi modellar o‘rta segmentga kiradi. Ularda sun’iy yo‘ldosh orqali xabar yuborish, katta akkumulyator va 100 Vt tezkor quvvatlash mavjud.
Huawei Nova 16 Kirin 9010S chipi bilan jihozlangan. Smartfon 6,68 dyuymli OLED ekranga ega. Ekran yangilanish tezligi – 120 Hz.
Qurilmaga 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Asosiy kamera 50 MP bo‘lib, 100 karra raqamli zumga ega periskop moduli ham bor. Nova 16 ikki tomonlama BeiDou sun’iy yo‘ldosh aloqasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Wi-Fi 7 va IP65 himoyasi mavjud.

Nova 16z esa Kirin 8020 chipi va 6,7 dyuymli FHD+ ekran bilan chiqarildi. Uning akkumulyatori 6000 mA/soat, quvvatlash tezligi esa 100 Vt.
Ikkala smartfon ham HarmonyOS 6.1 tizimida ishlaydi. Huawei Nova 16z narxi $335 dan, Nova 16 esa $420 dan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei Xitoy smartfon bozorida Apple’dan o‘zib ketgani xabar qilingandi. Counterpoint Research ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya Apple va boshqa raqobatchilar fonida eng kuchli natijalardan birini ko‘rsatdi. Xitoy smartfon bozori may oyidagi savdolar davrida yillik hisobda 16 foizga qisqardi.