«O‘zbekfilm»ga milliy maqom berilib, markaziy kinokonsernga aylantiriladi

«O‘zbekfilm»ga milliy maqom berilib, u mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Bu haqda prezidentning madaniyat va san’at vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Milliy qo‘g‘irchoq teatri, Muqimiy nomidagi akademik teatr va Yoshlar teatrini zamonaviy qiyofaga keltirish ishlari boshlandi. Shu yilning o‘zida Muqimiy, Berdaq va Milliy qo‘g‘irchoq teatrlariga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolatlari beriladi. Mutasaddilarga qolgan madaniyat obyektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Xususiy teatrlar va teatr-studiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Unga ko‘ra, har yili 50 ta sahna asarini yaratish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bundan tashqari, davlat madaniyat obyektlari ularga bepul foydalanish uchun ajratiladi. Agar xususiy teatrlar bino ijaraga olsa, oyiga 20 mln so‘mgacha bo‘lgan xarajatlari budjet hisobidan qoplanadi.
Davlat va xususiy teatrlar uchun yana bir rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Endilikda sotilgan har bir spektakl chiptasi uchun teatrlarga budjetdan qo‘shimcha 10 ming so‘mdan gonorar to‘lanadi. Masalan, mingta chipta sotilgan taqdirda teatr 10 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ oladi. Agar sahna asarlari hududlarga olib chiqilib namoyish etilsa, har bir chipta uchun to‘lanadigan gonorar 20 ming so‘mni tashkil etadi.
Yig‘ilishda kino sohasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yaqinda buxorolik yosh kinoijodkorlar Suxrob Qodirov va Dilshod Usmonovning «Qadam. Quyosh bolasi Yusuf» nomli qisqa metrajli filmi Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivalida Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritgani qayd etildi. Ularning ijodini davom ettirishi uchun 1 mlrd so‘m miqdorida vaucher ajratilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, har yili xalqaro festivallar darajasida e’tirof etiladigan kamida 5 – 10 ta sifatli film yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda «O‘zbekfilm»ga milliy maqom berilib, u mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun esa global kino platformalari bilan hamkorlik kengaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq madaniyat va san’at vakillari barcha asosiy soliqlardan ozod etilishi haqida xabar bergan edik.