Yaqin Sharq mojarosi aprel oyida global aviaqatnovlar 3,4 foizga kamayishiga sabab bo‘ldi

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (International Air Transport Association — IATA) 2026-yil aprel oyida aviatsiya bozorida yo‘lovchi tashish hajmi 3,5 foizga kamayganini ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, yo‘lovchi tashishga bo‘lgan global talab o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga kamaygan, yuk tashish hajmi esa 4 foizga oshgan.
Tahlillarda yo‘lovchi tashuvlaridagi pasayishning asosiy sababi sifatida Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat ko‘rsatilgan. Mintaqada, ayniqsa, Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro fonida aviakompaniyalarga bo‘lgan talab 46,6 foizga qisqargan. Natijada xalqaro yo‘lovchi tashuvlari 5,3 foizga kamaygan, ichki reyslarga bo‘lgan talab esa deyarli o‘zgarmagan.
Shu bilan birga, Yaqin Sharq orqali amalga oshiriladigan qatnovlarning qayta yo‘naltirilishi Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi oqimining 15,3 foizga o‘sishiga sabab bo‘lgan.
«Osiyo bilan bog‘liq faol savdo oqimlari tufayli yuk tashishga bo‘lgan talab 4 foizga oshdi. Biroq Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojaro tashuv yo‘nalishlari va mavjud sig‘imga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda», – deya izohladi IATA bosh direktori Villi Uolsh.
Yuk tashish segmentida esa aksincha, ijobiy dinamika kuzatildi. Global yuk tashishga bo‘lgan talab 4 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Osiyo – Tinch okeani mintaqasida qayd etilib, ko‘rsatkich 10,5 foizga yetdi. Shuningdek, Afrika va Yevropada ham yuk tashish hajmlari sezilarli o‘sgan.
Savdo yo‘nalishlari orasida Yevropa – Osiyo, Osiyo ichki yo‘nalishlari hamda Afrika – Osiyo koridorlari eng faol yo‘nalishlar bo‘ldi. Biroq Yaqin Sharqdagi logistika markazlaridagi uzilishlar sabab mintaqada yuk tashishga bo‘lgan talab 18,2 foizga kamaygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdan to‘rtta shaharga qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.