Samarqanddagi ayrim oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etiladi

Samarqand viloyatida oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va ta’lim muassasalari faoliyatini optimallashtirish maqsadida bir qator universitet va filiallar qayta tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi. Shuningdek, Samarqand davlat universitetiga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali qo‘shib olinadi.
Bundan tashqari, Samarqand davlat pedagogika institutiga Samarqand davlat universiteti Urgut filiali qo‘shib olinadi va ushbu filial bazasida institutning Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali qo‘shib olinadi.
Talabalar o‘qishini davom ettirish tartibi ham belgilangan bo‘lib, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari yangi tashkil etiladigan Samarqand davlat texnika universitetida o‘qishni davom ettiradi. TATU Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti talabalari Samarqand davlat universitetiga o‘tkaziladi. Pedagogika va tillarni o‘qitish yo‘nalishidagi talabalar esa Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetida tahsilni davom ettiradi, TDIU Samarqand filiali talabalari esa Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qishni davom ettiradi.
Shu bilan birga, 2025/2026-o‘quv yilida tahsil olayotgan ayrim talabalar uchun Urgut filialida o‘qishni yakunigacha davom ettirish imkoniyati saqlab qolinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Rektorlar maktabi» dasturi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.