Sergeli avtomobil bozori buzilmaydi — hokimlik izoh berdi

eʼlon qilindi
Unda bozor hududida buzish ishlari emas, balki modernizatsiya va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi
Foto: Ramiz Baxtiyarov

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli avtomobil bozori buzilishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan Sergeli tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda bozor hududida buzish ishlari emas, balki modernizatsiya va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bozor infratuzilmasini yangilash, savdo jarayonlarini tartibga solish hamda xaridorlar va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirga qadar hududdagi 26,5 ming kvadrat metr maydonga yangi asfalt qoplamasi yotqizilgan. Shuningdek, yana 16,2 ming kvadrat metr maydonni asfaltlash rejalashtirilgan. Bozor ma’muriy binosining kirish qismi ham yangilanib, granit plitalar bilan qoplanmoqda.

Bundan tashqari, ehtiyot qismlar sotiladigan savdo do‘konlarining tom qismi ta’mirlanmoqda, tartibsiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari olib tashlanmoqda va vitrinalar yangilanmoqda. Ishlatilgan ehtiyot qismlar savdosi amalga oshiriladigan konteynerlar ham zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda.

Bozorga kirish tizimi ham modernizatsiya qilinmoqda. Xususan, transport vositalari uchun inson omilisiz ishlovchi avtomatlashtirilgan to‘lov uskunalari o‘rnatilmoqda.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, Sergeli avtomobil bozori o‘z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda va uning buzilishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sergeli avtomobil bozoridagi 30 ta olib-sotarga qamoq va jarima tayinlangani haqida yozgandi.

Shuningdek