Endi ilmiy daraja uchun chet tili sertifikati talab qilinmaydi

2027-yildan boshlab ilmiy daraja olish jarayonida chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish talabi bekor qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga muvofiq, mazkur sanadan e’tiboran ilmiy darajalar berish jarayonida chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno) talabi, shuningdek dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya haqida e’lon berish tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokama qilish, ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi xulosasi, ilmiy kengash qarorini tasdiqlash kabi bosqichli jarayonlar ham amaliyotdan chiqariladi. Bundan tashqari, ayrim dissertatsiya natijalari bo‘yicha monografiya e’lon qilish, avtoreferat chop etish va amaliyotga joriy etilganligi haqida xulosa olish talablari ham bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanishi haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi. Ustuvor ixtisosliklarga qabul qilinganlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ham ajratiladi.