Suv omborlarining bo‘shagan yerlari tadbirkorlarga ijaraga beriladi

Suv omborlari va sel-suv omborlarining bo‘shagan yerlari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali qisqa muddatli ijaraga berish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«Suq xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq, suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi maxsus davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra, daryo va suv xo‘jaligi obyektlari o‘zanlarini tozalash jarayonida suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan hamda qirg‘oqlarning yuvilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qum-shag‘al materiallarini qazib olishga ruxsat etiladi. Shuningdek, suv omborlari, kanallar va boshqa gidrotexnika inshootlarini tozalash ishlariga tadbirkorlar eng yaxshi takliflar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali jalb qilinadi.
Bundan tashqari, suv omborlari va sel-suv omborlarining bo‘shagan yerlaridan qisqa muddatli foydalanish uchun tadbirkorlarga ekin ekish maqsadida elektron onlayn auksion orqali ijara berish tartibi joriy etiladi. Shu bilan birga, tozalash ishlari bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ixtisoslashgan loyiha tashkilotlari jalb qilinishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax, Samarqand va Toshkentda 5 ta yangi sel-suv ombori qurilishi haqida yozgan edik.